Mirzo Muhammad ibn Shohruh ibn Temur Ulugʻbek Koʻragon — Temuriylar davlatining hukmdori, Sohibqiron Amir Temurning farzandi Xuroson hukmdori Shohruh Mirzoning oʻgʻli. Buyuk oʻzbek olimi astronom va matematik. Mirzo Ulugʻbek 1411-yildan 1449-yilgacha “Movarounnahr” bugungi Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Janubiy Qozogʻiston, Eron va Afgʻoniston Turkistonida hukmdorlik qilgan.
Shaxsiyati
Mirzo Ulugʻbek oʻn beshinchi asrda yashab o‘tgan buyuk alloma Amir Temurning sevimli nabirasi va Shohruh Mirzoning oʻgʻli boʻlib, asl ismi Muhammad Taragʻaydir. Yoshligidan uni „Ulugʻ bek“ deya izzat qilishgan va yosh shahzoda keyinchalik ayni shu nom bilan mashhur boʻlgan. Xat-savod, diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari yosh Muhammad Taragʻayga begona emas edi. U Buyuk Yulduz bilimdoni va riyoziydon boʻlgan, Qur'oni Karimni yoddan bilgan. Ulugʻbekning onasi Gavharshod begim boʻlsa ham, Temur saroyida hukm surgan anʼanaga koʻra shahzoda Sohibqironning katta xotini Saroymulk xonim tarbiyasiga topshiriladi. 3-4 yoshlaridayoq shayx Orif Ozariy unga murabbiy qilib tayinlanadi. U yoshligini koʻpincha Oʻrta Sharq va Hindistonda oʻtkazgan boʻlib, Amir Temur oʻlimidan keyin Samarqand yaʼni Koshgʻarli Mahmudga koʻra Samizkentda yerlashgan. Keyinchalik otasi Shohruh Mirzo Hirotni oʻz davlatining boshkenti etib tayinlangach, oʻn olti yoshlik Ulugʻbek 1409-yilda Samarqand boshchisi boʻlib, 1411-yilda esa Movarounnahr xonliklarining erkin hukumdoriga aylangan.
Hukmdorlik yillari
Temur vafotidan soʻng temuriylar oʻrtasida hokimiyat uchun jang avj oldi. Kurashlar natijasida Xuroson va Movarounnahrda ikki mustaqil davlat yuzaga keldi. 1409-yilda Ulugʻbek markazi Samarqand boʻlgan Movarounnahrga hukmdor boʻldi. Ulugʻbek bobosi kabi harbiy yurishlar.qilmadi. 1425-yilda Shermuhammadxonni yengib, 1427-yilda Baroqxonga magʻlub boʻlgach, 20 yil mobaynida harbiy yurish amalga oshirmadi.
Meʼmorchilik ishlari
Mirzo Ulugʻbek davrida Samarqand gullab-yashnadi. Uning farmoyishi bilan 1417-yilda Buxoroda, 1420-yilda Samarqandda va 1433-yilda Gʻijduvonda madrasalar barpo etildi. Marv shahrida xayriya muassasalari qurildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli qurilishlari nihoyasiga yetkazildi. Shuningdek, Ulugʻbek karvonsaroy, tim, chorsu, hammom kabi talay jamoat binolari ham barpo ettirgan. Samarqanddagi XV asr meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri Ulugʻbek rasadxonasidir. Bu inshoot Ulugʻbek farmoyishi bilan 1428-1429-yillarda Koʻhak tepaligida bunyod etilgan.
Ilmiy-madaniy merosi
Ulugʻbek ilm-fan olamida buyuk astronom sifatida mashhur. Bu borada u amalga oshirgan eng buyuk ish "Ziji jadidi Koʻragoniy" deb nomlangan astronomik jadval sanaladi. Ulugʻbek tibbiyot va musiqa bilan qiziqqan, sheʼrlar ham yozgan. Alisher Navoiyning „Majolis un-nafois asarida uning sheʼrlaridan namunalar keltirilgan. Olimdan bizga 4 ta asar meros qolgan:
1) “Ziji jadidi Koʻragoniy”— astronomiyaga oid;
2) “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola” — matematikaga oid;
3) “Risolayi Ulugʻbek” — yulduzlarga bagʻishlangan;
4) “Tarixi arba” ulus (Toʻrt ulus tarixi) — tarixga oid.
Astronomiya (Yulduzlar bilimi)
U 1437-yilda 1018 yulduz toʻplamini “Ziji sultoniy” asarida tartib berganki, u hozirgi paytda ham yulduzlar bilimi sohasida dunyoning eng buyuk asarlaridan biri sanaladi. Ushbu asar 1665-yilda Oxfordda Thomas Hyde tamonidan, 1843-yilda Fransiya Bailly tamonidan va 1917-yilda Edward Ball Knobel tamonidan yangidan tahrirlanib bosilgan. Ulugʻbek undan keyin bir yilni 365 kun, 5 soat, 49 daqiqa va 15 sonya deb belgilagan. Ulugʻbek ushbu hisobida faqatgina 25 soniya xato qilgan ekan. Undan boshqa Ulugʻbek yer yuzini oʻrtalik kajligini 23.52 daraja deb belgilagan va bu yuz yillar davomida eng toʻgʻri va aniq oʻlcham deb topilgan.
Matematika
Uchburchaklar bilimida esa Ulugʻbek soya va tanjont qimatlarini sakkiz oʻnlik kasr va sakkiz xona aʼshoryagacha aniq belgilagan. Ulugʻbek davrida koʻpgina asarlar arab va fors tilidan eski oʻzbek tiliga tarjima qilingan. U tashkil etgan boy kutubxonada 15000 dan ortiq kitob boʻlgan.